Oddiy oltin ko'z
Umumiy ta'rif
Oddiy oltinko‘z
Oddiy oltinko‘z (Chrysopa carnea Steph.) oltinko‘zlar, to‘r qanotlilar turkumiga mansub hasharot.
Oltinko‘zlarning 2000 dan ortiq turi aniqlangan shundan 70 ta turi Yevropada, Markaziy Osiyoda 24 turi, Qozoqistonda 15 turi, O‘zbekistonda esa bu istiqbolli tabiiy kushandalarning 11 turi qayd etilgan .
O‘zbekistonning g‘o‘za ekosistemasida, sabzavot va poliz ekinlarida eng ko‘p uchraydigan tur bu oddiy oltinko‘z - Chrysoperla carnea Steph. hisoblanadi. U turlar ichida 90% ni tashkil etadi.
Oddiy oltinko‘z yetuk zoti tanasining uzunligi 10-15 mm, qanotlarini yoyganda 25-30 mm gacha bo‘ladi, rangi yashil-sarg‘ish, kuz faslida och rangsiz sarg‘ish tusga kiradi. Tuxumini o‘simlik barglariga, poyasiga, o‘suv nuqtalariga bittadan yoki to‘p to‘p qilib nozik ipaksimon (5-7 mm) uzun poyalarga qo‘yadi. Tuxumlari cho‘zinchoq, yashil, kattaligi 0.9x0.4 mm. embrional rivojlanishi tugash davrida kulrang yoki och jigarrang tusga kiradi. Lichinkalari uzunroq shaklda, tanasining o‘rtasi yo‘g‘on, boshi va orqa tomoni ingichka bo‘lib, tez harakatlanishga mo‘ljallangan. Bunda uning ko‘krak qismida joylashib yaxshi rivojlangan oyoqlari yordam beradi. Lichinkaning rangi och sariq tusda, keyinchalik sariq qo‘ng‘ir, ba’zan ko‘kish qo‘ng‘ir rangga kiradi, 3 marta po‘st tashlaydi. Oziqlanib bo‘lgan 3-yoshdagi lichinkalar Malpigi naychalari tomonidan ishlab chiqarilgan ipaksimon iplardan yumaloq, oq pilla o‘raydi va g‘umbakka aylanadi.
Bitta urg‘ochi oltinko‘z kun davomida 50-65 ta, hayoti davomida 500-700 tagacha tuxum qo‘yishi mumkin.
Tuxumdan chiqqan yosh lichinkalar 1 - 2 soatdan so‘ng o‘ziga ozuqa qidira boshlaydi
Xususiyatlari
Oddiy oltinko‘zning voyaga yetganlari har xil o‘simlik nektarlari, gul changlari, g‘o‘za va boshqa o‘simliklarning barg orqasidan chiqqan shirin suyuqlik bilan oziqlanadi. Oltinko‘z lichinkalarigina yirtqich hayot kechirib ular nihoyatda xo‘ra bo‘ladi. Lichinkalar tez harakatlanganligi sababli joydan – joyga tez ko‘chadi va ozuqani a’lo darajada izlash xususiyatiga ega. Hammaxo‘r hasharot hisoblanib, g‘o‘za, bug‘doy sabzavot ekinlari, bog‘ va tokzorlarda uchraydigan 70 turdan ortiq zararakunanadalar bilan oziqlanadi. Ayniqsa, o‘simlik shiralari, kanalar, tunlam kapalaklarining tuxumi va yosh lichinkalarini yo‘qotishda katta foyda keltiradi.
Oddiy oltinko‘z lichinkalari juda xo‘ra bo‘lib, bir kunda 50-60 tadan ortiq o‘simlik shiralarini, o‘rgimchakkananing 800 tagacha tuxumlarini, 200 dan ortiq lichinka va yetuk zotlarini yeb bitiradi. G‘o‘za tunlami tuxumi bilan ham oziqlanib, 1 kunda birinchi yoshli lichinkalari yettitagacha, ikkinchi va uchinchi yoshli lichinkalari esa 50 tagacha tuxumni yeydi. Lichinkalari katta bo‘lgan sari o‘ljani qidirib topish xususiyati ortib boradi.
Qo'llanilishi
Oltin ko‘z biologik himoya tizimida eng samarali hasharotlardan biridir. U quyidagi zararkunandalarga qarshi keng qo‘llaniladi:
- O‘simlik bitlari (Aphididae)
- Oqkanotlar (Aleurodidae)
- Tripslar (Thripidae)
- O‘rgimchakkanalar (Tetranychidae)
Qo‘llanish tartibi:
Oltin ko‘z lichinkalari yoki tuxumlari biolaboratoriyalarda ko‘paytirilib, zararkunanda ko‘p uchraydigan dalalarga gektariga 2000–3000 dona miqdorda qo‘yib yuboriladi.
Ular pestitsidlardan foydalanishni sezilarli darajada kamaytiradi, hosil sifati va ekologik tozaligini ta’minlaydi. Shu sababli Oltin ko‘z hasharoti integratsiyalashgan zararkunandalarga qarshi kurash (IPM) dasturlarining ajralmas qismi hisoblanadi