“Agroportal”da biolaboratoriya mahsulotlarini yetkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yildi

🌱Kuni kecha Qishloq xo‘jaligi vazirligida “Agroportal”da joriy etilgan “Biolaboratoriya mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni tuzish” yangi xizmat turidan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

 

👤Ishchi yig‘ilishda vazirlik mas'ullari, “Biosifat” respublika markazi va biolaboratoriya mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar va “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ mutaxassislari ishtirok etdi.

 

✅“Agroportal”dagi mazkur xizmat turi xususiy sektor vakillarining xizmatlarini ommalashtirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, mazkur xizmatdan foydalanish ham xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar ham mahsulot yetishtiruvchilar uchun qulay va foydali hisoblanadi.

 

ℹ️Biolaboratoriya mahsulotlari yordamida o‘simliklarni himoya qilish va dalaga ishlov berishni tashkil etish uchun ko‘maklashuvchi mazkur xizmatdan foydalanish ekinlarni joylashtirish va yerdan foydalanuvchilarning ma’lumotlari asosida elektron shartnomalarni tuzish, dalaga biolaboratoriya mahsulotlarini yetkazib berish, bajarilgan ishlar bo‘yicha dalolatnomalarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlarni raqamli ko‘rinishda yuritishga imkon beradi. 

 

📁Bunda, fermer va klaster xo‘jaliklari biolaboratoriya xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga muvofiq imtiyozli kreditlar doirasida tegishli agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda biologik himoya usulini qo‘llashni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022-yil 19 avgustdagi 460-son qarori talablariga muvofiq subsidiya mablag‘laridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

 

🤝Yig‘ilish yakuni bo‘yicha biolaboratoriya mahsulotlarini yetkazib berish xizmatini rivojlantirish masalalari kelishib olindi.

8-Yanvar, 2026-yil